O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzaevning “Yashil “Niva” hikoyasida sovet imperiyasining 80-yillari aks etgan. Asarda mustabid tuzumning fuqarolar qalbiga joylagan qo‘rquv urug‘i pirovardida qanday ayanchli oqibatlarga olib kelgani ko‘rsatiladi. Yozuvchi Shukur Xolmirzaevning mahorati shundaki, mo‘’jaz hikoyada “ulug‘ sovetlar oilasining” inqirozini, ichdan chirib ketganini inkor qilib bo‘lmas darajada haqqoniy tasvirlaydi: xalq bamisoli qul – mehnatdan boshqa narsani bilmaydi, uning ishongan najot qal’asi ta’magirlar mahkamasiga aylangan, pul – hamma narsaning boshi, jamiyatning ziyolisi g‘arib, huquq posbonlari poraxo‘r… Hikoyadan olingan taassurot moddiylashib, fikrga inganida o‘quvchi o‘zini qo‘yarga joy topa olmay qoladi: asar haqiqati nurday ko‘zni qamashtiradi! Hikoya voqealari garchi muayyan hudud miqyosida olingan, unda tasvirlangan qahramon sizga tanish ko‘rinmasin, asar mazmuniga ko‘ra milliy va hududiy o‘lchovlardan baland turadi. Sababi, mustabid tuzum hukmron bo‘lgan imperiya hududida yashagan yuzlab millat va xalqlar, elatlarning hayotga va dunyoga qarashlari bir-biridan deyarli farq qilmagan. Hikoyada tasvirlanmish domlaning qo‘rquv iskanjasida qolgan ongi turmush va tarbiyaning mahsulidir. Qo‘rquv shunchalikki, diktator partiyadan o‘chirilib qamaladi, uning saltanatiga barham beriladi, lekin domla ongidagi qo‘rquv yo‘qolmaydi.

Audio hikoyaaudioaudio kitobaudiokitobuzbek tilidauchbekchahikoyaasarSHUKUR XOLMIRZAYEVYASHIL «NIVA»